Bangladesh hukumati mamlakat birinchi prezidenti Shayx Mujibur Rahmon qotillaridan biriga chiqarilgan hukmni ijro etdi. Bangladesh armiyasi sobiq ofitseri Abdul Majid Dakka markaziy turmasida qatl etildi, deya xabar berdi «The Week» nashri.

Prezident Rahmon 1975-yil 15-avgust kuni Dakkadagi o‘z qarorgohida xotini, uchta o‘g‘li, oilasining yaqinlari va boshqa qarindoshlari bilan birga o‘ldirilgan. Faqat ikki qizi o‘sha paytda xorijda bo‘lgani uchun tirik qolgan.

«Mahkum yakshanba kuni soat 00:01 da osib o‘ldirildi», — deydi turma bosh inspektori.

Prezident Abdul Hamid afv etish haqidagi iltimosni rad etgandan so‘ng uch kun o‘tib o‘lim jazosi ijro etildi. O‘sha kuni Dakka tuman va sessiya sudi 7-aprel kuni hibsga olingan Majidni o‘lim jazosiga hukm qilgandi.

1996-yilda mamlakat birinchi prezidentining qizi Shayx Xasina Vazed Bangladesh bosh vaziri bo‘lgach, o‘z oilasi qotillarini tergov qilishni boshlaydi. Shu bois to‘ntarishdan so‘ng turli lavozimlarni egallab kelgan Majid yurtini tark etishga majbur bo‘lgan.

1975-yil Bangladeshda harbiy to‘ntarish vaqtida qotillik uchun o‘lim jazosiga hukm qilingan 15 kishidan biri hisoblangan Majid Liviya va Pokistonda yashirinib yurgan, keyin esa Hindistonga o‘tib ketgan. Koronavirus pandemiyasi boshlagandan so‘ng 15 yoki 16-mart kuni u yerdan Bangladeshga qaytib kelgan, deb yozadi nashr.