Garri Potter haqidagi kinoepopeya ishqibozlari franshizaning barcha qismlarini, shuningdek, “Fantastik mahluqlar”ni ham qayta ko‘rgani uchun ming dollardan mukofotga ega bo‘ladi, deb yozadi “Korrespondent.net”.

Bunda filmlarni tomosha qilish jarayonini ijtimoiy tarmoqlarda onlayn namoyish etish talab qilinadi.

Ushbu kinotanlovni AQShning EDsmart tashkiloti o‘tkazmoqda.

Qayd etilishicha, tanlovda qatnashish istagida bo‘lgan nomzod 18 yoshga to‘lgan hamda Amerika hududida ishlash huquqiga ega bo‘lishi kerak.

“Shunchaki o‘zingizga qulay joyga o‘tirib oling, kino tomosha qiling, jarayonni ijtimoiy tarmoqlardagi sahifangizga joylang yoki jonli efirda ko‘rsating”, — deyiladi tashkilotchi saytida.

Omadi chopgan kino ishqibozlari bir soatlik tomosha uchun 41,5 dollar oladi (hammasi bo‘lib 1000 dollargacha mukofot beriladi).

Tanlov ishtirokchisiga aylanish uchun tashkilotchilar 200 so‘zdan iborat esse yozishni so‘ramoqda.

“Esseda mukofot pulini nima uchun aynan siz olishingiz kerakligi haqida yozish kerak bo‘ladi”, — deyiladi xabarda.