Niderlandiyadagi Shimoliy Braband provinsiyasida joylashgan ikki fermada qorako‘zan (norka)larning koronavirusga chalingani qayd etildi. Bu haqda mamlakatning iqtisodiyot, qishloq xo‘jaligi, atrof-muhit va oziq-ovqat sifati vaziri Karola Sxauten ma’lum qilgan.

Uning aytishicha, hayvonlarda ovqat hazm qilish va nafas olish bilan bo‘liq muammolar kuzatilmoqda. Kasallik ularda odamdan yuqqan deb taxmin qilinmoqda, chunki ferma xodimlarining ayrimlarida COVID-19 belgilari kuzatilgan.

Qayd etilishicha, har ikki fermada jami 20 mingta  qorako‘zan bor. Kasallik tarqalishining oldini olish maqsadida ularni ferma hududidan tashqariga olib chiqish, shuningdek, u yerga kirish taqiqlangan. Tibbiyot xodimlari ferma atrofida yurmaslikni tavsiya qilmoqda.

Avvalroq AQShda ilk bor mushuklarda ham koronavirus qayd etilgandi. AQSh Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Kasalliklarni nazorat qilish va profilaktika markazi vakili Keysi Bartonning ta’kidlashicha, hozircha hayvonlar odamlarga virus yuqtirishi mumkinligi haqida dalillar yo‘q.