Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich o‘zining Instagram’dagi sahifasida o‘g‘li koronavirusga chalinganini ma’lum qildi.

“Bularning barchasi boshlanganda o‘g‘lim Danilo taslim bo‘lmasligini aytdi. To‘ng‘ich o‘g‘lim koronavirusga chalindi. Klinik holat shundayki, uni yuqumli kasalliklar shifoxonasiga qabul qilishdi. O‘g‘lim, sen buni ham yengib o‘tasan. Otang ham, boshqalar ham seni yaxshi ko‘radi”, — deb yozgan prezident va o‘g‘lining yoshlik paytida birga tushgan suratini joylagan.

Ma’lumot uchun, 23 yoshli Daniloning onasi Kseniya Yankovich bo‘lib, u Vuchich bilan 2011-yil ajrashgan.

Jons Hopkins ma’lumotlariga ko‘ra, ayni paytda Serbiyada koronavirusga chalinganlar soni 2 666 kishini tashkil qilmoqda, virus oqibatida vafot etganlar 65 nafarga yetdi.