AQShda shifokor koronavirus bilan og‘rigan bemorlarga niqobni yechmay tabassum qilishning yo‘lini topdi. Bu haqda shifokor Instagram’dagi sahifasida yozib qoldirdi.

Robertino ismli shifokor San-Diyegodagi Scripps Mercy Hospital kasalxonasida ishlaydi. U koronavirusga chalingan bemorlar bilan bevosita aloqada bo‘lgani uchun himoya kostyumi va niqobini yecha olmaydi.

Robertinoga yuzidagi niqob tufayli bemor uning hissiyotlarini ko‘ra olmasligi, ayrim hollarda kasallarga qarab jilmayib, ularni ruhlantira olmayotgani yoqmayotgandi. Shunda uning xayoliga ajoyib fikr keldi: Robertino himoya kostyumidagi beyjik o‘rniga kulib turgan suratini yopishtirib oldi.

Shifokorning boshqa hamkasblariga ham uning tashabbusi yoqdi, ular ham kiyimlariga tabassum qilayotgan suratlarini yopishtirib oldi.

Shuningdek, Robertino Instagram’dagi sahifasiga Braziliyaning San-Paulo shahridagi kasalxonada koronavirusga chalingan bolalarni davolayotgan hamkasbining ham suratini joylashtirdi. Suratda shifokor ayol bemor bolalarni ruhlantirish uchun himoya kiyimiga jilmayib turgan Disney multfilmi qahramonining suratini yopishtirib olgani aks etgan.

Robertino hamkasbining ijodiy yondashuviga yuqori baho bergan. “Hamma farishtalarning ham qanoti yo‘q, ularning ayrimlarida stetoskoplar bor”, — deb yozadi Robertino hamkasbi haqida.