O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi joriy yilning 4 aprelida koronavirus keng tarqalishining oldini olish, tegishli xizmatlarga mazkur kasallikka chalingan bemorlar bilan aloqada bo‘lgan shaxslarni tezkor ravishda aniqlash va ularning boshqa fuqarolar bilan muloqotini cheklash bo‘yicha ko‘maklashish choralarini belgiladi.

Ma’lum qilinishicha, Bosh prokuraturada koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lgan shaxslar doirasini aniqlash bo‘yicha idoralararo Shtab, hududlarda esa, idoralararo ishchi guruhlar tuzildi.

Mazkur guruhlar koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar bilan tegishli surishtiruv ishlarini o‘tkazadi, ularning epidemiologik marshruti, kim bilan qachon, qayerda muloqotga kirishganini aniqlaydi.

“Fursatdan foydalanib, Bosh prokuratura fuqarolarimizdan bugundan boshlab o‘zlarining kundaliklarini yuritishlarini so‘raydi.

Har bir fuqaro qachon, kim bilan, qayerda va qay tarzda muloqot qilganini yozib borishi maqsadga muvofiqdir. Bu ma’lumotlar avvalo, kasallikning oldini olish, uning tarqalishiga chek qo‘yish, pirovardida minglab odamlarning hayotini saqlab qolishga xizmat qiladi“, deyiladi Bosh prokuratura xabarida.

Misol sifatida, aksariyat davlatlar tajribasi infeksiyaning ilk zarbalarini qabul qilib olayotgan tibbiy xizmatning unga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lganlarni aniqlash hamda tegishli tartibda karantinga joylashtirishda qiyinchiliklarga duch kelayotgani, davolashga sarflanadigan vaqt va imkoniyat yo‘qotilayotgani ko‘rsatilgan.

“Har bir fuqaro berilgan tavsiya va ko‘rsatmalarga amal qilmasa, avvalo, o‘zining, oilasining, yaqinlarining va boshqa insonlarning hayotiga xavf tug‘dirishi, hatto umriga zomin bo‘lishi mumkinligini unutmasligi zarur“.

Shuningdek, koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lgan shaxslar doirasini aniqlash bo‘yicha Bosh prokuraturadagi Shtab, hududlardagi ishchi guruhlar infeksiyaning sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish, uning mudhish oqibatlarining oldini olish borasida barchani hamkorlik va hamjihatlikka chaqirdi.