Respublikamizdagi karantin sharoiti tufayli o‘quvchilar uchun darslar televideniye orqali onlayn tarzda tashkil qilinmokda.

Videodarslar o’quvchilar uchun juda foydali bo’lmoqda, biroq shu bilan birga o‘qituvchilar tomonidan ayrim xatoliklarga yo‘l qo‘yilayotgani ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Bunga javoban, Xalq taʼlimi vazirligi haqiqatdan ham o‘qituvchilar tomonidan xatolarga yo‘l qo‘yilayotgani taʼkidlanib,  kelgusida mazkur kamchiliklarning oldini olish maqsadida videodarslar uchun muharrir va o‘qituvchilarni hamkorlikka chorlagan.

“Adolat” SDP  vazirlikning mazkur chorlovini qabul qiladi. Zero, partiyaning saylovoldi dasturida taʼlim tizimini takomillashtirish va uning zamonaviy, interaktiv uslublarga tayangan holda masofaviy shakllarga o‘tish vazifasi belgilab olingan.

Shu nuqtai nazardan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi aʼzolari, uzoq yillik pedagogik tajribaga ega siyosiy fanlar doktori Qodir Jo‘rayev, professor va kompozitor Oydin Abdullayeva, filologiya  fanlari nomzodi Tavakkal Choriyev, Xalq taʼlimi aʼlochisi, oliy toifali o‘qituvchi Muzaffara Abdiyeva, texnika fanlari nomzodi, dotsent Muhammad Valiyevlar tayyorlanayotgan videodarslarda  konsultant va muharrir  sifatida  ilmiy-uslubiy jixatdan  yordam kursatishga tayyor ekanliklarini bildirdirdilar.

“Adolat” sotsial-demokratik partiyasi mazkur tashabbusni vazirlik tomonidan qabul qilinishiga umid bildirib qoladi. Zero, mazkur sinovli kunlarda farzandlarimizning sifatli taʼlim olishini taʼminlash, nafakat taʼlim soxasi mutasaddilarining, balki barchamizning sharafli burchimiz xisoblanadi.

“Adolat” SDP Matbuot xizmati