MDH davlatlari ichida, aynan O‘zbekiston birinchilardan bo‘lib barcha sinflar bo‘yicha 3 tilda inklyuziv (surdo tarjima bilan) onlayn darslarni ishga tushirdi. Xalq ta’limi vazirligining ma’lum qilishicha, kuniga o‘rtacha 100 ga yaqin videodarslar olinmoqda, deya xabar bermoqda Sof.uz

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov videodarslardagi xatolarni topib olib, o‘qituvchilarni obro‘yini to‘kishga urinayotganlarga munosabat bildirdi:

“Vaqt qisqa ekani, hamda karantinni inobatga olib ishtirokchilar qisqartirilgani sababli, xatolar o‘tib ketishi xavfi yuqori edi. Shu vaqtgacha efirga ketgan 400 dan ortiq videodarslardan, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan 4-5 ta xato topilib, chaynalmoqda. Afsuski, ba’zi “tashabbuskor” insonlar tomonidan ushbu xatolarga juda qattiq e’tibor qaratilib, o‘qituvchilarni obro‘yini to‘kishga harakat bo‘lmoqda. Aslida esa ko‘p holatda bu harakat o‘zlarining ijtimoiy tarmoqdagi guruhlari va kanallarining faolligini oshirishga qaratilgan.

Hozirgi og‘ir sharoitda 6 milliondan ortiq o‘quvchilarimiz vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlariga o‘z hissasini qo‘shayotganlar faoliyatidan xato topib, ularni ustidan kulishga harakatni davom ettirgandan ko‘ra, umumiy tashqi dushmanimiz – koronavirus (COVID-19) epidemiyasi oldida barchamiz birlashib o‘zaro yordam berishimiz eng yaxshi yechim bo‘lar edi.

Agar haqiqatda millatimiz savodxonligi uchun shunchalik kuyinish bor bo‘lsa, sizni ushbu jarayonga yordam berishga taklif etamiz. Videodarslar efirga ketishidan avval ularni ko‘rib beruvchi muharrirlarga ehtiyoj juda katta.

Agar yordam bera olsangiz, marhamat avval xabar qilingan forma orqali o‘z kontaktlaringiz va nima bilan yordam bera olishingiz haqida yozib yuboring. Biz har qanday yordam uchun minnatdor bo‘lamiz.

Agarda o‘zingizni hozirgi pedagoglardan yaxshiroq dars bera olaman deb hisoblasangiz, unda marhamat, o‘tilgan mavzular ichida istalgan darsni videoga yozing va Feysbukda ushbu postni izohlarda qoldiring. Yoniga esa solishtirish uchun bizning bazadagi qaysi darsni o‘tib berganingizni ko‘rsating (barcha videodarslar bizning kanallarga joylangan).

Agarda ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari sizning darsingizni bizning bazadagi darsdan yaxshiroq deb e’tirof etsalar, biz sizni televideniyega dars o‘tishga taklif etamiz. 

Ushbu post birinchi rus tilida yozilganining sababi, negadir aynan rusiyzabon foydalanuvchilar va guruhlar tomonidan ushbu xatolar ustida xayp qilish harakati kuzatilmoqda. Albatta, ushbu post orqali karantin davrida ishlay oladigan yaxshiroq muharrirlarni topishga imkon bo‘lishi va ushbu xayp rus tilidagi darslarni efirdan olinishiga yo‘l qo‘ymaydi, deb umid qilamiz“, — deydi Xalq ta’limi vaziri.