AOKA shtabida Adliya vazirligi boshqarma boshlig‘i G‘aybullo Primov ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi. Brifingda muhim savol va murojaatlar yuzasidan javob qaytarildi.

— Avtomashinamni maxsus ruxsatnomasiz boshqarganim uchun 4 mln 460 ming so‘m jarimaga tortilganman. Eshitishimcha, Prezidentimiz qarori bilan jarimani karantindan keyin to‘lashga ruxsat etilibdi. Shu to‘g‘rimi?

— 2020 yil 3 apreldagi «Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Prezident Farmoniga ko‘ra, karantinga olingan shaxslarga nisbatan qo‘llanilgan ma’muriy jarimalarni (karantin qoidalarini BUZGANLIK uchun javobgarlik bundan mustasno) to‘lash muddatlari karantin muddati tugagunga qadar uzaytirilishi belgilangan.

Shundan kelib chiqib, siz karantin qoidalarni buzganligingiz uchun Sizga nisbatan qo‘llanilgan ma’muriy jarimalarni to‘lash muddati UZAYTIRILMAYDI.

Qolaversa, mazkur norma faqat karantinga olingan shaxslarga nisbatan tatbiq etiladi.

— Xususiy klinikaning bosh vrachiman, lekin bizda xizmat mashinalari yo‘q, shaxsiy transportda harakatlansa bo‘ladimi?
— Avtotransport vositalari harakatlanishiga maxsus ruxsatnomalar talab etilmaydigan holatlar ro‘yxatiga o‘zgartirishlar kiritildi.

Unga ko‘ra, tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar sog‘liqni saqlash tizimidagi tashkilotlar xizmat va xodimlarining shaxsiy avtotransport vositalari ro‘yxatdan chiqarilib, davlat sog‘liqni saqlash tizimidagi tibbiy-sanitariya va epidemiologik xizmatlar ko‘rsatuvchi tashkilotlarning xizmat va xodimlarining shaxsiy avtotransport vositalari ro‘yxatda qoldirildi.

Mazkur ro‘yxatda xususiy tibbiyot muassasalari xodimlarining shaxsiy avtotransport vositalarida harakatlanishlariga RUXSAT ETILMAGAN.