O‘zbekistonda koronavirusdan tuzalganlar soni 5 nafarga oshib, jami 66 kishiga yetdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lum qildi.

12 aprel kuni Buxoroda davolangan 4 nafar, Xorazmda davolangan 1 nafar bemor to‘liq sog‘ayib, reabilitatsiyaga o‘tkazildi.

Vazirlik xabariga ko‘ra, Buxoroda davolanib tuzalgan bemorlarning ikki nafari (biri Andijondan, yana biri esa Toshkent viloyatidan) Turkiyadan Buxoroga kelgan bo‘lib, joriy yil 26 mart kuni koronavirus infeksiyasi aniqlangan. Farg‘onalik ikki nafar fuqaro esa charter reys orqali Rossiyadan Buxoroga kelgach, ularda ham koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan edi.

Xorazmda sog‘aygan bir bemor esa 32 yoshli surxondaryolik bo‘lib, u Rossiyadan charter reysda Urganchga kelgach, 25 mart kuni unda koronavirus infeksiyasi aniqlangan va viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan.

Bugun, shuningdek, Toshkentdagi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasida davolangan 19 bemor sog‘ayib, reabilitatsiyaga o‘tkazildi. Ikki kun oldin Namangan viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasida ham koronavirusga chalingan 4 nafar bemorning butunlay sog‘ayishiga erishilgan edi.