Turkiya orqali Umra safariga borib kelgan ayol va uning turmush o‘rtog‘i Namanganga qaytgach, uyga mehmon chaqirib, ehson qiladi. Hozir ana shu oilaviy tadbir qatnashchilaridan 23 nafarida koronavirus infeksiyasi aniqlanib, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga davolanish uchun yotqizilgan. Ulardan bir nafari — ayolning 72 yoshli onasi vafot etdi.

Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmatiga ko‘ra, kasallikka chalinganlar orasida 2 oylik chaqaloq — ayolning nabirasi ham bor. Chaqaloqning onasi topshirgan tahlil natijalari infeksiya yo‘qligini ko‘rsatgan deya xabar bermoqda “Daryo” nashri.

Shu tadbirda ishtirok etgan qo‘shnining ikki nafar farzandi ham virus yuqtirib oladi. Ular 19-mart kuni Namangan shahridagi tantanalar majmualaridan birida o‘tkazilgan to‘yda kuyovjo‘ra sifatida qatnashadi. Oqibatda to‘y egalari va to‘yga kelgan mehmonlardan 13 nafariga virus yuqishiga sababchi bo‘ladi.

Ma’lumot uchun, bugungi kungacha Namanganda 51 kishida koronavirus infeksiyasi aniqlangan. Ulardan 35 nafari ayollar, 16 nafari erkaklardir.

O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 504 kishiga yetgan.