O‘zbekistonda kredit ta’tillari davomida kreditdan foydalanganlik uchun foizlar hisoblanishda davom etadi, deb xabar bermoqda Markaziy bank matbuot xizmati.

Eslatib o‘tamiz, koronavirus ta’sirini yumshatish bo‘yicha chora-tadbirlarga muvofiq moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan tadbirkorlik subyektlari va jismoniy shaxslarga banklar tomonidan ajratilgan kreditlar bo‘yicha to‘lovlarni amalga oshirish uchun 1-oktabrga qadar imtiyozli davr berilgan edi.

Markaziy bank kredit tashkilotlarining qarz oluvchilariga murojaatida kredit bo‘yicha to‘lov muddatlari kechiktirilgan davrda ham foizlar hisoblanishda davom etishini, ushbu foizlar kechiktirilgan muddat tugaganidan so‘ng to‘lanilishi lozimligini ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, hozirgi kunda kredit bo‘yicha to‘lovni amalga oshirishga moliyaviy imkoniyati bo‘lgan qarzdorlar o‘z kreditlarini kredit shartnomalarida belgilangan muddatlarda so‘ndirishni davom ettirishi lozim. Bu kelgusida qarz oluvchilarda qarz summasi oshib ketishining oldini olishi mumkin.