Fargʻonada karantin qoidalarini buzgan shaxsga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar bermoqda.

Maʼlum qilinishicha, 7-aprel kuni Qirgʻiziston Respublikasidan Oʻzbekiston Respublikasiga kelgan fuqaro X.S. (2002-y.t.) Fargʻona shahar, Muruvvat koʻchasida tashkil etilgan karantin hududiga tibbiy koʻrikdan oʻtish uchun yotqizilgan. Biroq, u epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzib, karantin hududidan nomaʼlum tomonga qochib yashiringan.

Olib borilgan tezkor qidiruv tadbirlari natijasida, fuqaro X.S. Fargʻona shahar, Muborak koʻchasida joylashgan uyda yashiringanligi aniqlanib, karantin hududiga qaytarilgan. Mazkur holat yuzasidan 09.04.2020-yilda JKning 257-1-moddasi (Sanitariyaga oid qonun hujjatlarini yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib oʻtamiz, 9-aprel holatiga koʻra Oʻzbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 582 nafarni tashkil qilmoqda. Oʻzbekistondan tashqari Avstriya, Armaniston, AQSH, BAA, Janubiy Koreya, Pokiston, Rossiya, Tailand va Qozogʻistonda ham jami 23 nafar vatandoshda koronavirus aniqlangan, ulardan uch nafari (barchasi AQSHda) vafot etgan. Vafot etganlardan biri Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist, taniqli shashmaqom ijrochisi Rustam Samarqandiy edi.