Samarqand shahrida 6-aprel kuni kuzatilgan kuchli yog‘ingarchilikdan so‘ng shahar ko‘chalarida suv toshqinlari yuz bergani, xonadonlardan birining devori qulab tushgani haqida xabar berilgan edi.

Samarqand viloyati hokimligi tomonidan ma’lum qilinishicha, shahar mutasaddilari kuchli yog‘ingarchiliklar paytida vaziyatdan chiqish uchun barcha choralarni ko‘rmoqda.

Ta’kidlanishicha, bu ishda shahar aholisining ishtiroki va oqilligi nihoyatda zarur bo‘lmoqda. Sel kelganda uylarga suv toshishining eng birinchi sababi uylarning suv bo‘yiga, ariqlar ustiga qurilishi yoki yo‘ldan pastligi hisoblanadi. Binobarin, bunday qurilishlar shahar arxitekturasi talablariga ham ziddir, deyiladi hokimlik xabarida.

Hokimlikning ma’lum qilishicha, ayni paytda kanallar yoqasida bir paytlar noqonuniy yo‘l bilan qurilgan, ammo keyin rasmiylashtirilgan 300 dan ortiq uyni buzib tashlash zarur. Bu jarayonlar sudda ko‘rilmoqda. Ammo ba’zi bir fuqarolarning o‘zboshimchalik, o‘jarlik holatlari asosiy suv yo‘llarini tiklashga xalaqit bermoqda.

“Bunday paytda biz shahar aholisining oqilona yo‘l tutishiga, qilinayotgan ishlar ko‘hna shahrimiz obodonchiligi uchun ekanligini tushunishiga ishonamiz”, — deyiladi viloyat hokimligining xabarida.