Prezident Shavkat Mirziyoyev 14-aprel kuni global inqiroz va pandemiya sharoitida O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi oldida turgan dolzarb vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi avvalida shunday dedi:

“Biz karantinni qachon bekor qilishni xalqimiz bilan bamaslahat, har tomonlama chuqur o‘ylab va tahlil qilib, albatta, ko‘rib chiqamiz.

Ko‘pni ko‘rgan, turli sinovlarda toblangan mard va matonatli xalqimiz bilan bu vaqtinchalik qiyinchiliklarni biz, albatta, yengib o‘tamiz.

Buyuk shoirimiz Abdulla Oripov qalamiga mansub, hammamiz g‘urur bilan kuylaydigan Davlat madhiyamizda “Ulug‘ xalq qudrati jo‘sh urgan zamon”, degan chuqur maʼnoli so‘zlar bor.

Chindan ham, mana shunday murakkab va sinovli damlarda biz ulug‘ va mehnatkash xalqimizning qudrati, aql-zakovati va sabr-matonati, mehr-oqibati va samimiyati bilan ushbu og‘ir sinovlarni ham, albatta, yengib o‘tamiz.

——-

Shu bilan birga, rahbarlarga murojaat qilib shuni aytmoqchimanki, respublikamiz hududlarida qishloq xo‘jaligida, sanoat va qurilish, iqtisodiyotning boshqa ustuvor tarmoqlarida, tadbirkorlik subyektlarida ishlarni samarali davom ettirishimiz kerak.

Chunki kun kutib turmaydi, hayot davom etmoqda. Bugungi yo‘qotilgan vaqt va imkoniyatlarni ertaga tiklab bo‘lmaydi”.