Bugun 8-aprel kuni, davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, tomorqachilikni rivojlantirish masalalari borasida videoselektor o’tkazdi deya xabar bermoqda O’zbekiston Respublikasi axborot xizmati.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 8 aprel kuni koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashishda joylardagi ishlar natijadorligi tahlili hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, aholi bandligi va daromadini oshirishning muhim manbai bo‘lgan tomorqachilikni rivojlantirishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unga ko’ra prezident karantin paytida Zangiota va Yuqorichirchiq hududlarida qurilayotgan shifoxonalar haqida ham ta’kidlab o’tdi.

Tibbiyot muassasalarini shay holga keltirish va qo‘shimcha quvvatlarni barpo etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, Zangiota tumanida 10 ming o‘ringa mo‘ljallangan maxsus shifoxona jadal sur’atlarda qurilyapti. Yuqorichirchiq tumanida esa 10 ming kishilik maxsus karantin zonasi qurilib, o‘z ishini boshladi. Bu yerda yana qo‘shimcha 10 ming o‘ringa mo‘ljallangan karantin qurilishi boshlanib, 15-maygacha topshiriladi.

Yig‘ilishda ta’kidlaganidek, pandemiya sharoitida so‘nggi bir oy ichida xorijiy davlatlardan 20 ta charter reys orqali 6 ming, temir yo‘l va chegara postlari orqali 10 ming nafar fuqaromiz olib kelindi. Ularning barchasi 160 ta manzilga joylashtirilib, karantinga olindi.

Yig’ilish davomida davlat rahbari yana bir bor barcha O’zbekiston fuqarolariga yana bir bor murojaat qildi.
– Eng muhimi – xalqimiz yuzaga kelgan vaziyatni to‘g‘ri baholab, o‘z xizmat vazifalarini masofadan turib bajarmoqda, shifokorlar tavsiyasi va karantin tartib-qoidalariga qat’iy amal qilib, o‘zlarining madaniyati, ongi va intizomi bilan barchaga o‘rnak bo‘lmoqda. O‘quvchi va talaba yoshlarimiz onlayn dars va mashg‘ulotlar orqali ta’lim olishda davom etmoqda, – dedi davlatimiz rahbari.

Lekin, misli ko‘rilmagan darajada targ‘ibot ishlariga qaramay uyida davolangan va og‘ir holatda yotqizilgan 40 yashar bemor kecha olamdan o‘tdi.

Marhumning oila a’zolariga hamdardlik bildirar ekan, davlatimiz rahbari yana bir bor barchani ogohlikka chaqirdi. “Kasallik alomatini sezdingizmi, darhol shifokorlarga murojaat qiling. Takror aytaman, kasallikni oilamizga kirib kelmasligi, o‘zimiz va yaqinlarimizni ushbu illatdan saqlab qolish, eng avvalo, o‘zimizga bog‘liq!”

Bundan tashqari prezident respublikamizning barcha hududlaridagi tomorqa va ekin maydonlaridan unumli foydalanish borasida tegishli vazirlik va hokimiyat organlariga topshiriqlar berdi.