Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda 2020/2021-oʻquv yilida umumtaʼlim maktablari va akademik litsey bitiruvchilari karantin sababli imtihonsiz oʻqishga qabul qilinishi toʻgʻrisida xabarlar tarqaldi.

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi matbuot xizmati bunday xabarlar haqiqatga zid ekanligi va vazirlik tomonidan bunday xabar tarqatilmaganini maʼlum qildi.

“Vazirlik oʻqishga qabul qilish tartibiga hech qanday oʻzgartirish kiritilmaganini maʼlum qiladi. Abituriyentlarni esa yozgi imtihon va sinovlarga puxta tayyorgarlik koʻrishga chaqiradi”, deyiladi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi raddiyasida.

Eslatib oʻtamiz, avvalroq Oʻzbekiston prezidenti 31-mart kuni yigʻilish oʻtkazgani va xorijdagi barcha fuqarolarni 10-aprelga qadar vatanga qaytarish toʻgʻrisida farmon imzolagani, vatanga qaytishni istamaganlar Oʻzbekiston fuqaroligidan mahrum qilinishi haqidagi xabarlarni Tashqi ishlar vazirligi rad etgandi.