Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga O‘zbekistonning a’zo bo‘lishi masalasi “Adolat” SDP fraksiyasi tomonidan atroflicha muhokama qilinmoqda.

“Albatta, integratsiya kerak, jahon bozori kerak. Lekin har tarafni jiddiy o‘ylab, qadam bosmog‘imiz muhim“, deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, “Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi Gulbahor Saidg‘aniyeva.

YeOIIga a’zolik O‘zbekistonga qanday oqibatlarni olib kelishi mumkin?

1. Agar YeOIIga a’zo bo‘ladigan bo‘lsak, ushbu Ittifoqda yetakchi bo‘lmish davlatning qo‘ygan shartlariga ko‘nishimiz kerak bo‘ladi. Bugun xorijiy investorlarga o‘zimiz mustaqil boj to‘lovlar belgilayotgan vaqtda, Ittifoqqa a’zo bo‘lgandan so‘ng uning shartlari asosida belgilashga majbur bo‘lamiz.

Ya’ni, bu borada bozor va boj siyosatidagi mustaqilligimiz cheklanadi.

2. Bugun O‘zbekistonga qiziqib turgan investorlar bizdan yuz o‘girishi mumkin. Chunki dunyoning ko‘p mamlakatlari Rossiya hozirda turli sanksiya va bosimlar ostida bo‘lgani bois YeOIIga ham salbiy munosabat bildirmoqdalar.

Ittifoqqa a’zo bo‘lgan Markaziy Osiyo davlatlariga, masalan, Qirg‘izistonga a’zo bo‘lganidan so‘ng Xitoy davlati investorlarining qiziqishi pasayganligi qayd etilmoqda.

3. Mutaxassislar Ittifoqqa kirishning ijobiy jihatlaridan biri sifatida o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarining patentsiz Rossiyada ishlash imkoniyati paydo bo‘lishini ko‘rsatmoqdalar.

Ammo “O‘zbekiston bundan buyon ham mehnat muhojiri yetishtirib beruvchi davlat maqomida qolmoqchimi?“, degan savol paydo bo‘ladi. Endilikda, qo‘l mehnati bilan emas, aql, intellektual mehnat bilan daromad topadigan davr keldi.

Demak, maqsadimizni mehnat muhojiri yetishtirishga emas, malakali va raqobatdosh mutaxassislar yetishtirishga qaratishimiz kerak.

Ammo bozorni yo‘qotmaslik uchun kuzatuvchi maqomida bo‘lish, Ittifoq faoliyatini chuqur o‘rganish eng to‘g‘ri yo‘l bo‘ladi, deb o‘ylaymiz. Albatta, biz bu borada xalq fikrini o‘rganib boramiz va unga tayanamiz“, — deydi Oliy Majlis deputati.