Chiroqchi tumanida Nexia avtomobilining daraxtga borib urilishi oqibatida ikki kishi hodisa joyida vafot etdi, jarohatlanganlar ham bor.

Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida Nexia avtomobilining daraxtga borib urilishi oqibatida ikki kishi hayotdan ko‘z yumdi, yana ikki kishi jarohatlandi. Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar berdi.

Hodisa 7 aprel kuni soat 18:00 larda tumandagi «Annaro‘z-Oqto‘nli» yo‘lida sodir bo‘ldi. Annaro‘z qishlog‘ida yashovchi X.Tulayev o‘z boshqaruvida bo‘lgan Nexia avtomashinasida ketayotib, boshqaruvni yo‘qotgan va yo‘l chetidagi daraxtga urilgan.

Natijada avtomashinada bo‘lgan yo‘lovchilar M.B va G‘.X. hodisa joyida vafot etgan, X.T va Y.R. tan jarohati olib, tuman shifoxonasiga yotqizilgan.

«Bugun mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi tufayli karantin joriy etilgan. Bunda fuqarolar hayotiy zarurat bo‘lmaganda ko‘chaga chiqishlari qat’iy taqiqlangan. Lekin ba’zi fuqarolar uyda o‘tirish o‘rniga bilsa hazil, bilmasa chin qabilida karantinda ko‘chaga chiqqani yetmagandek, avtomobil boshqarishdan to‘xtamayapti. Natijada og‘ir oqibatli YTH sodir bo‘lmoqda», — deyiladi xabarda.