Shu yilning 24 iyulida boshlanishi kerak bo‘lgan Tokio Olimpiadasi tashkilotchilari koronavirus pandemiyasi tufayli turnirni bir yilga kechiktirish taklifi bilan chiqqan. Mezbonlar Xalqaro olimpiya qo‘mitasiga shu bo‘yicha taklif bilan chiqqan va bu taklif qo‘llab-quvvatlangan.

Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abening ma’lum qilishicha, Xalqaro olimpiya qo‘mitasi uning Olimpiadani qoldirish bo‘yicha taklifini qo‘llab-quvvatlagan. U Tokio Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarini koronavirus ustidan qozonilgan g‘alaba ramzi sifatida o‘tkazishini qo‘shimcha qilgan.

«Men o‘yinlarni bir yil keyin o‘tkazishni taklif qildim va prezident [XOQ] Bax 100 foiz qo‘shildi», degan u.

«Bu sportchilarga yaxshiroq sharoitlarda kuch sinashish sharoitlarini yaratib beradi va o‘yinlarni tomosha qilish muxlislar uchun ham xavfsiz bo‘ladi», degan yaponlar bosh vaziri.

Bungacha qator davlatlar, jumladan, Kanada va Avstraliya Olimpiada o‘z vaqtida o‘tkaziladigan bo‘lsa, o‘z sportchilarini yubormasligini ma’lum qilgandi.

BBC muxbiri Aleks Kepstikning qayd etishicha, Olimpiya o‘yinlari tarixda ilk bor qoldirilmoqda. Bungacha Olimpiada urush tufayli bekor qilingan, ammo turnir keyinga qoldirilishi kuzatilmagandi.

  • Tokioda Olimpiya o‘yinlari 24 iyuldan 9 avgustga qadar o‘tkazilishi rejalashtirilgandi.