Mavjud modellar yetkazib berilishi sezilarli darajada qisqaradi.

Germaniyaning iphone-ticker portali koronavirus tarqalishi sababli Apple kompaniyasining bahorgi taqdimotini kechiktirilishi mumkinligi haqidagi so‘nggi mish-mishlarni rad etdi. Nashrning ta’kidlashicha, yangi iPhone 9 modeli 31 martda taqdim etiladi, sotuvlar esa 3 aprelda boshlanadi — hammasi reja bo‘yicha. 

Apple kompaniyasining o‘zi dushanba kuni butun dunyo bo‘ylab mavjud iPhone modellarini yetkazib berishda vaqtincha cheklovlar e’lon qildi. Chunki qurilmalarni yig‘adigan ba’zi kompaniyalar koronavirus sababli to‘liq quvvat bilan ishlamayapti.

Ehtimol, Apple yangi iPhone’ni o‘z vaqtida chiqarish uchun hozirgi smartfonlarni yetkazib berishni qisqartirishga qaror qilgan. Ushbu model, arzon yechim sifatida, ayniqsa rivojlanayotgan mamlakatlar bozorlarida ko‘p xaridorga ega.

Tarmoqda tarqalgan suratlarda ko‘rinishicha, yangi mahsulot iPhone 8’ga o‘xshash bo‘ladi — yuqori va pastki qismida an’anaviy hoshiya, Touch ID barmoq izi skaneri va orqa tomonda bitta kameraga ega bo‘ladi. Displeyning diagonali odatiy 4,7 dyuymni tashkil qiladi. Smartfon 3 GB tezkor xotira bilan to‘ldirilgan A13 chipi asosida ishlashi kerak. iPhone 9’ning ushbu versiyasi taxminan 399 AQSh dollari narxida sotiladi.

Avvalroq koronavirus bilan bog‘liq vaziyat keskinlashishi tufayli 24-27 fevral kunlarida Barselonada o‘tishi rejalashtirilgan mobil texnologiyalarining eng yirik ko‘rgazmasi MWC bekor qilingandi.

  • Xitoy hukumati yangi koronavirus keltirib chiqargan pnevmoniya kasalligi tarqalishi tufayli mamlakatdagi ko‘plab korxonalar faoliyatini to‘xtatib qo‘ygan. Xususan, Xitoyda ishlab chiqariladigan avtomobillar uchun qismlar yetkazib berilishida uzilishlar kuzatilishi ma’lum qilingandi.